Joriy yil 3-dekabr kuni Oʻzbekistonda boʻlib turgan Germaniya Federal Moliya vazirligi departamenti direktori doktor Andreas Kerst boshchiligidagi delegatsiya bilan hamkorlikda yangi tahrirdagi Korporativ boshqaruv kodeksi loyihasi yuzasidan tushuntirish berish va keng muhokama qilish maqsadida amaliy-seminar tashkil etildi.
Mazkur seminarda Davaktiv agentligi direktorining birinchi oʻrinbosari Nodirbek Xusanov boshchiligida 200 tadan ortiq Agentlikning markaziy apparati va hududiy boshqarmalari xodimlari, tegishli vazirlik va idoralar mutaxassislari, shuningdek davlat ishtirokidagi korxonalar vakillari (jumladan masofaviy) ishtirok etishdi.
Davaktiv agentligi direktorining birinchi oʻrinbosari N. Xusanov oʻz maʼruzasida amaldagi Kodeksning ilk 2015-yilda qabul qilinganligini va uning qabul qilinishi mamlakatimizda korporativ boshqaruvni rivojlantirishda muhim bir bosqich boʻlganligini eslatib oʻtdi. Yangi tahrirdagi Kodeks loyihasi esa, xalqaro zamonaviy amaliyotlarni inobatga olgan holda ishlab chiqilgan boʻlib, unda Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT)ning prinsiplari mavjudligini taʼkidladi. Ushbu prinsiplar korporativ boshqaruvning eng yaxshi standartlari asosiga qoʻyilgan va ularning hujjatga integratsiya qilinishi, kompaniyalarning ushbu sohadagi eng zamonaviy yondashuvlardan foydalanish imkonini beradi.
Seminar maʼruzachilari sifatida Germaniya Federal Moliya vazirligi departamenti direktori doktor Andreas Kerst, departament mutaxassisi Yoxannes Kamm va Germaniya Xalqaro hamkorlik tashkiloti (GIZ) loyiha direktori Doktor Berthold Volberg, “Indecon consulting” rahbari Matias Neym hamda Davaktiv agentligining mas'ul xodimlari ishtirok etdi.
Shu oʻrinda, doktor Andreas Kerst oʻz maruzasida Kodeks jamiyatni samarali, shaffof va masʼuliyatli boshqarishni taʼminlashga qaratilgan prinsiplar va tavsiyalar majmuini oʻz ichiga olganligi sababli, uni joriy etilishi nafaqat davlat ishtirokidagi aksiyadorlik jamiyatlarga, balki xususiy jamiyatlar faoliyatiga ham qoʻllanilishi maqsadga muvofiq deb hisoblanishini aytib oʻtdi.
Shuningdek, maʼruzachilar Germaniyalik hamkasblar bilan birgalikda amaldagi Kodeksning tuzilmasi (strukturasi)ni toʻliq qayta koʻrib chiqish lozim deb topilganini taʼkidlab oʻtdi. Misol tariqasida, amaldagi tahririning mazmunan va mohiyati boʻyicha bir-biriga yaqin boʻlimlari qoʻshib yuborildi, shuningdek, oʻz dolzarbligini yoʻqotgan tavsiyalar chiqarib tashlandi, ayrim bandlarni esa alohida bandlarga boʻlish maqsadga muvofiq deb topildi. Natijada, Kodeksning boʻlimlari 2 taga qisqartirilib, uning bandlari 42 tadan 130 tagacha koʻpaydi.
Oʻz navbatida, ishtirokchilarda katta qiziqish uygʻotgan mazkur seminar savol-javobga boy oʻtdi hamda ishtirokchilarning kasbiy bilimlarini oshirishda samarali xizmat qiladi.