Mavjud manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisidagi xabarnoma, ehtimoliy manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisidagi deklaratsiyalar va manfaatlar toʻqnashuvini hisobga olish reyestrining
NAMUNAVIY SHAKLLARI
Ushbu namunaviy shakllarda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimi (bundan buyon matnda xodim deb yuritiladi) – davlat organlarida va mahalliy davlat hokimiyati organlarida, davlat muassasalarida, davlat unitar korxonalarida, davlat maqsadli jamgʻarmalarida, shuningdek ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz miqdorda va undan ortiq boʻlgan aksiyadorlik jamiyatlarida mehnat shartnomasi (kontrakt) asosida yoxud saylab qoʻyiladigan yoki tayinlanadigan lavozimlarda mehnat (xizmat) faoliyatini amalga oshirayotgan boshqaruv xodimi;
xodimga aloqador shaxslar (bundan buyon matnda aloqador shaxslar deb yuritiladi) – xodimning yaqin qarindoshlari hamda xodim va (yoki) uning yaqin qarindoshlari qaysi yuridik shaxsning ustav fondi (ustav kapitali) aksiyalariga yoki ulushlariga egalik qilsa yoxud unda boshqaruv organining rahbari yoki aʼzosi boʻlsa, oʻsha yuridik shaxs;
manfaatlar toʻqnashuvi – shaxsning shaxsiy (bevosita yoki bilvosita) manfaatdorligi uning oʻz lavozim yoki xizmat majburiyatlarini lozim darajada bajarishiga taʼsir koʻrsatayotgan yoxud taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan hamda shaxsiy manfaatdorlik bilan fuqarolarning, tashkilotlarning, jamiyatning yoki davlatning huquqlari, qonuniy manfaatlari oʻrtasida qaramaqarshilik yuzaga kelayotgan (mavjud manfaatlar toʻqnashuvi) yoki yuzaga kelishi mumkin boʻlgan (ehtimoliy manfaatlar toʻqnashuvi) vaziyat;
yaqin qarindoshlar – ota-onalar, aka-ukalar, opa-singillar, oʻgʻillar, qizlar, er-xotinlar, shuningdek er-xotinlarning ota-onalari, aka-ukalari, opa-singillari va farzandlari.
*Izoh:
Mazkur namunaviy shakllar Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktorining 2024-yil 21-oktabrdagi 65-son buyrugʻi (Adliya vazirligida 2024-yil 5-noyabrda 3569-son bilan roʻyxatga olingan) bilan tasdiqlangan.
Davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimi mavjud manfaatlar toʻqnashuvi oʻziga maʼlum boʻlib qolgan paytdan eʼtiboran bir ish kuni ichida mavjud manfaatlar toʻqnashuvi haqidagi belgilangan shakldagi xabarnomani (1-fayl) toʻldirishi va oʻzining bevosita rahbariga (tashkilot rahbariga — yuqori turuvchi rahbarga) yoki Davaktiv agentligining Korrupsiyaga qarshi kurashish va komplaens boʻlimi (cs@davaktiv.uz elektron pochtasi orqali yoki bevosita)ga taqdim etishi shart;
Davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimi shaxsga doir maʼlumotlari oʻzgargan taqdirda, ehtimoliy manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisidagi deklaratsiya
(2-fayl)ni toʻldirishi va har yili 15-yanvardan kechiktirmay, davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimligiga nomzod ishga qabul qilinayotganda yoxud davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimi boshqa ishga oʻtkazilayotganda, ehtimoliy manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisidagi deklaratsiya (2-fayl)ni Davaktiv agentligining Korrupsiyaga qarshi kurashish va komplaens boʻlimi (cs@davaktiv.uz elektron pochtasi orqali yoki bevosita)ga taqdim etishi kerak;
Xodimga aloqador shaxslar ehtimoliy manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisidagi deklaratsiya (3-fayl)ni Davaktiv agentligining Korrupsiyaga qarshi kurashish va komplaens boʻlimi (cs@davaktiv.uz elektron pochtasi orqali yoki bevosita)ga taqdim etadi.
- Mavjud manfaatlar toʻqnashuvi haqida xabarnoma.docx
- Xodimning ehtimoliy manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisidagi deklaratsiyasi.docx
- Aloqador shaxslarning ehtimoliy manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisidagi deklaratsiyasi.docx
- Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktorining 2024 yil 21 oktabrdagi 65-son buyrug‘i.pdf