Ру Ўз O'z En

Yangiliklar

31 Oktyabr 2024

Sudgacha sanatsiya qilishni davlat tomonidan yordam koʻrsatgan holda oʻtkazish tartibi belgilandi

Toʻlovga qobiliyatsizlik alomatlari ega boʻlgan korxonalarning toʻlov qobiliyatini tiklash orqali ularni moliyaviy sogʻlomlashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 28-oktabrdagi 708-son qarori bilan Sudgacha sanatsiya qilishni davlat tomonidan yordam koʻrsatgan holda oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida Nizom” tasdiqlangan boʻlib, ushbu Nizomga koʻra:

1. “Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida”gi Qonunga muvofiq toʻlovga qobiliyatsizlik alomatlari mavjud boʻlgan korxonalar sudgacha sanatsiyani oʻtkazish uchun Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali Davaktiv agentligiga murojaat qilishlari mumkin.

Bunda, kreditorlarga toʻlanadigan toʻlovlar muddatini kechiktirish va (yoki) uni boʻlib-boʻlib toʻlash yoxud qarzlardan chegirma berish toʻgʻrisida qarzdor hamda kreditorlar oʻrtasida kelishuvga erishishga qaratilgan bitimlar, soliq va boshqa vakolatli organlarning qarorlari asosida korxonalarga sudgacha sanatsiya Davaktiv agentligining tegishli qaroriga muvofiq oʻn ikki oydan yigirma toʻrt (12-24) oygacha muddatga joriy etiladi.

2. Korxonalarni sudgacha sanatsiya qilish orqali ularni moliyaviy sogʻlomlashtirish maqsadida quyidagi koʻmaklar koʻrsatilishi nazarda tutilgan:

  • Davaktiv agentligining qaroriga muvofiq sudgacha sanatsiya qilish joriy etilgan korxonaga xizmat koʻrsatuvchi bankida ilgari amal qilgan hisobvaraqlari toʻxtatilgan holda sanatsiya hisobvaragʻini ochish;
  • qonunchilik hujjatlariga asosan tijorat banklaridan kredit olishda yoki kreditorlar bilan kelishuv davrida kafilliklar berish shaklida moliyaviy yordam koʻrsatish;
  • xalqaro moliya institutlari va xorijiy moliya tashkilotlari bilan korxonalarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish, ularga texnik va maslahat koʻmagi koʻrsatilishini tashkil etish boʻyicha oʻzaro hamkorlik qilish;
  • foydalanilmayotgan asosiy vositalarni va qurilishi tugallanmagan obyektlarni konservatsiya qilish va qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa koʻmaklar.

3. Sudgacha sanatsiya joriy etilgan korxona rahbari va uning boshqaruv organlari korxonani moliyaviy sogʻlomlashtirishga qaratilgan chora-tadbirlarni bajarishga masʼul hisoblanadi.

4. Sudgacha sanatsiya joriy etilgan korxonalarda biznes-reja va qarzni uzish rejasining bajarilishi monitoringi Davaktiv agentligi va uning hududiy boshqarmalari tomonidan yuritiladi.

Bunda, monitoring natijasida sudgacha sanatsiyani oʻtkazish samarasiz ekanligi aniqlanganda (biznes rejasi va (yoki) qarzni uzish jadvali ketma-ket uch chorak davomida bajarilmasa) yoki sudgacha sanatsiyani oʻtkazish muddati tamom boʻlganda yoxud soliq organi tomonidan soliqlarni toʻlash boʻyicha kechiktirish yoki boʻlib-boʻlib toʻlashning amal qilish muddatidan oldin tugatilganda, sudgacha sanatsiyani oʻtkazish xizmati tugatiladi.

Alohida ta'kidlash joizki, Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tasdiqlangan mazkur Tartib tadbirkorlik subyektlariga moliyaviy qiyinchiliklar holatida kreditorlar oldidagi toʻlovlar muddatini kechiktirib turish hamda tashqi va ichki manbalardan mablagʻ jalb etish orqali toʻlov qobiliyatlarini tiklashga xizmat qiladi.

2481 Chop etish