Tegishli xususiylashtirish dasturlariga muvofiq, Davaktiv agentligi “UZ CНASYS” MChJ ustav kapitalidagi 70 foiz davlat ulushini (keyingi oʻrinlarda – Aktiv) ochiq savdo jarayoni boshlanganligini eʼlon qiladi.
“Portfolio Investments” kompaniyasi (keyingi oʻrinlarda – Konsultant) ushbu Bitim boʻyicha Davaktiv agentligining xususiylashtirish boʻyicha maslahatchisi hisoblanadi.
Aktiv toʻgʻrisida qisqacha maʼlumot:
“UZ CНASYS” MChJ - 2008 yilda tashkil etilgan boʻlib, asosiy faoliyati avtomobillar uchun elektr yoritish tizimlarini ishlab chiqarishdan iborat.
- Ustav fondi: 12 960,9 mln soʻm;
- Jamiyatning rasmiy veb-sayti: http://uzchasys.uz
Shu bilan birga, “UZ CHASYS” MChJning ustav kapitalidagi 30 foiz ulushiga “AMS CO.LTD” (Koreya Respublikasi) kompaniyasi egalik qiladi. Oʻz oʻrnida, “AMS CO.LTD” Jamiyatdagi oʻz ulushini Davaktiv agentligi bilan bir vaqtda va bir xil shartlarda sotishga tayyorligini maʼlum qilgan.
Taʼkidlash joizki, Davaktiv agentligi tomonidan tashkil etiladigan Jamiyatning 70 foiz davlat ulushi boʻyicha savdo jarayoni natijalari “AMS CO.LTD”ga oʻz ulushini sotish majburiyatini yuklamaydi.
Sotish jarayoni toʻgʻrisida:
Sotish jarayoni barcha manfaatdor tomonlar (keyingi oʻrinlarda – Ishtirokchilar) uchun ochiq boʻlgan muzokaralarga ommaviy ravishda taklif qilish usuli asosida tashkil etiladi.
Savdo jarayoni ikki bosqichda amalga oshiriladi, jumladan sotib olish boʻyicha qiziqish bildirish (Express of interest) hamda Majburiyatga ega boʻlgan taklif (BO) taqdim etish bosqichlari, yakuniy bosqichda talabgorlar tomonidan taklif etiladigan qatʼiy narx taklifining kamida 1 foizini kafolatli toʻlov sifatida amalga oshirilishi belgilanadi.
Davlat aktivini sotib olishga qoʻyiladigan shartlar:
- Korxonaning asosiy faoliyat turini aktivlar oldi-sotdi shartnomasi roʻyxatdan oʻtgandan soʻng 10 (oʻn) yildan kam boʻlmagan muddat davomida saqlab qolish, ushbu muddat davomida mahsulotlarning litsenziati boʻlgan “General Motors” kompaniyasi tomonidan tasdiqlangan yetkazib beruvchi bilan texnik qoʻllab-quvvatlash boʻyicha litsenziya kelishuvlariga va “General Motors” texnologiyalari bilan bogʻliq texnologik jihozlardan foydalanish yuzasidagi Bosh Alyans kelishuvida oʻrnatilgan talablar va tegishli cheklovlarga qatʼiy rioya qilish.
- Shuningdek, 2 yil mobaynida Korxonada mavjud ish oʻrinlarini va ishchilar sonini saqlab qolish (tabiiy sabablar bilan boʻshaydigan ish oʻrinlari bundan mustasno), amaldagi ish haqi fondi miqdorini kamaytirmaslik va jamoa shartnomasi shartlarini yomonlashtirmaslik.
Oʻz navbatida, Majburiyatga ega boʻlgan taklif (BO) bosqichiga oʻtgan talabgorlar bilan majburiyatga ega boʻlgan takliflarni taqdim etishlaridan oldin bitim shartlari (Term sheet) toʻgʻrisidagi Kelishuv imzolanadi.
Bitimni amalga oshirish jarayoni:
Sotish jarayoni barcha manfaatdor tomonlar uchun ochiq boʻlgan raqobat tamoyillariga asoslangan xususiylashtirish mexanizmi orqali amalga oshiriladi.
Ishtirokchilardan quyidagi maʼlumotlar bilan sotib olish boʻyicha qiziqish bildirish toʻgʻrisidagi arizalarini (Express of interest) taqdim etishlari soʻraladi:
- Ishtirokchi toʻgʻrisida qisqacha maʼlumot (shu jumladan, STIR, faoliyat turi);
- Ishtirokchi ustav kapitalida 5 foizdan ortiq ulushi mavjud aksiyadorlar/taʼsischilar (egalik ulushi koʻrsatilgan holda) va yakuniy benefitsiarlar toʻgʻrisida maʼlumotlar;
- Oxirgi 3 yilgi faoliyati boʻyicha moliyaviy hisoboti.
Talabgorlar qiziqish bildirishi toʻgʻrisidagi arizalarini xohishlariga koʻra oʻzbek, rus yoki ingliz tillarida tayyorlab 2024-yil 17-dekabr soat 18:00ga (Toshkent vaqti bilan) qadar munir.yakubov@piamg.uz elektron pochta manziliga yuborishlari lozim.
Ushbu savdo bosqichi doirasida, Konsultant tomonidan potensial investorlarni jalb qilish maqsadida investitsiya tizerlarini tarqatish ishlari amalga oshiriladi.
Qabul qilingan arizalar quyidagi mezonlar boʻyicha saralanadi:
- Aktivni sotib olish uchun yetarli moliyaviy resurslari;
- xususiylashtirish jarayonida ishtirok etilishini taqiqlashi mumkin boʻlgan maʼmuriy, hakamlik yoki boshqa sud jarayonlarining yoʻqligi;
- Oʻzbekiston Respublikasining 660-II-sonli “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Qonuniga rioya etilishi;
- Talabgor (konsorsium holatida, konsorsium aʼzolaridan hech biri) va uning aksiyadorlari/ishtirokchilarining hech biri davlat kompaniyasi yoki ustav kapitalida davlat ulushi boʻlgan kompaniya boʻlmasligi kerak;
- Talabgor (konsorsium holatida, konsorsium aʼzolaridan hech biri) va uning tegishli shaxslaridan hech biri Yevropa Ittifoqi va AQSHning, shuningdek yirik xalqaro moliya institutlarining (Jahon banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot banki) sanksiyalari roʻyxatiga kiritilmagan boʻlishi lozim. Shu bilan birga, ariza topshirilgan sanada talabgorlar sanksiyalangan shaxs/(lar) yoki yuqorida aytib oʻtilgan sanksiya organlari tomonidan har qanday ish yoki tergov obyekti/(lar) boʻlmasligi kerak. Shuningdek, talabgorlar (konsorsium holatida, konsorsium aʼzolaridan hech biri) va uning tegishli shaxslaridan hech biri yuqorida aytib oʻtilgan muassasalar va davlatlarning sanksiyalar rejimiga zid boʻlgan har qanday faoliyatga (toʻgʻridan-toʻgʻri yoki biron bir shoʻba korxonasi orqali) jalb etilmagan boʻlishlari lozim va Talabgor (konsorsium holatida, konsorsium aʼzolaridan hech biri), shuningdek uning tegishli shaxslaridan birortasining asosiy moliyalashtiruvchi tomonlari yoki kreditorlari sanksiyadagi shaxslar yoki sanksiyadagi shaxslarga tegishli boʻlgan yoki ular tomonidan egalik va nazorat qilinadigan banklar yoki moliya institutlari boʻlmasligi lozim.
Arizalarni qabul qilish tugallangandan soʻng, Konsultant tomonidan ishtirokchilarga tegishli xat (Process Letter) orqali keyingi jarayonni tashkil etish toʻgʻrisida individual ravishda xabardor qilinadi.
Ushbu loyiha doirasida qoʻshimcha maʼlumotlar uchun quyidagi aloqa kanallariga murojaat qiling:
- Munir Yakubov, “Portfolio Investments” kompaniyasi direktori: munir.yakubov@piamg.uz, tel. +998(90) 901-65-59;
- Talat Samandarov, Davlat aktivlari agentligi Boshqarma boshligʻi: tender@davaktiv.uz, tel. +998(71)259-20-67.
Keyingi, Majburiyatga ega boʻlgan taklif (BO) takliflarni qabul qilish bosqichiga oʻtgan talabgorlar bilan Axborotni oshkor etmaslik toʻgʻrisidagi bitim (NDA) imzolanadi hamda Konsultant tomonidan tayyorlangan Aktiv faoliyati toʻgʻrisida maʼlumot va tahliliy maʼlumotlar (Due-diligence) bilan tanishish uchun virtual maʼlumotlar xonasiga (VDR) kirish, Aktivga tashrif buyurgan holda uning boshqaruv organiga savollar berish imkoniyati yaratiladi.
Davaktiv agentligi xususiylashtirish jarayonlarining har bir bosqichi toʻgʻrisida jamoatchilikni qoʻshimcha tarzda xabardor qilib borilishini taʼminlaydi.
Diskleymer
Davaktiv agentligi sotish jarayonining ketma-ketligini oʻzgartirish yoki potensial xaridorga (xaridorlarga) sotishni yoki sabablarini tushuntirmasdan istalgan vaqtda ular bilan muzokara olib borishni rad etish huquqini oʻzida saqlab qoladi.
Ushbu eʼlon yoki uning mazmunining biron-bir qismi mazkur eʼlon chop etilishidan kelib chiqib taxmin qilinishi mumkin boʻlgan Davaktiv agentligi, “Portfolio Investments” va Kompaniyani sotish bilan bogʻliq biror-bir shakldagi majburiyati sifatida talqin qilinmasligi kerak. Davaktiv agentligi va “Portfolio Investments” oʻz xohishiga koʻra har qanday vaqtda va har qanday holatda, birgalikdagi yoki shaxsiy javobgarlikni oʻz zimmalariga olmasdan:
(i) arizalar berish muddatiga oʻzgartirish kiritish;
(ii) turli xil manfaatdor shaxslar uchun turli xil tartib-qoidalar boʻyicha ish tutish va/yoki Davaktiv agentligi, Kompaniya va “Portfolio Investments” tomonidan koʻzda tutilgan reja-jadval va tartib doirasida istalgan boshqa potensial xaridorni (xaridorlarni) oldindan ogohlantirmasdan chiqarib tashlagan holda bir yoki bir nechta potensial xaridorlar bilan muzokaralar olib borish;
(iii) har qanday sababga koʻra sotish jarayonini toʻxtatish;
(iv) istalgan vaqtda va sabablarni tushuntirmasdan Bitimga taalluqli boʻlgan har qanday potensial xaridor (xaridorlar) bilan har qanday muhokama va muzokaralarni tugatish huquqlarini oʻzida saqlab qoladi