Ру Ўз O'z En

Yangiliklar

10 Oktyabr 2024

Turkiya va O‘zbekiston xususiylashtirish idoralari hamkorlik yo‘lga qo‘ydi

Joriy yil 9-oktabr kuni Davaktiv agentligida Turkiya Respublikasi Xususiylashtirish administratsiyasi prezidenti Bekir Emre Haykir boshchiligidagi delegatsiya vakillari bilan uchrashuv oʻtkazildi.

Uchrashuvda shuningdek, Turkiya Respublikasining Oʻzbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Olgan Bekar va Turkiya Respublikasi Xususiylashtirish administratsiyasi prezidenti oʻrinbosari Murat Ibrohim Chelebey ham ishtirok etdi.

Tadbir boshida Davaktiv agentligi direktori A.Ortikov Oʻzbekiston-Turkiya oʻrtasida ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sheriklik izchil surʼatda rivojlanib borayotgani, bugun Turkiyaning yetakchi kompaniyalari Oʻzbekiston bozorida faol ishtirokchiga aylanib, natijada Turk biznesi ishtirokida koʻplab loyihalar samarali amalga oshirilayotganini taʼkidlab oʻtdi.

Bunga misol tariqasida, Oʻzbekistondagi xususiylashtirishning birinchi muvaffaqiyatli natijalaridan biri “Coca-Cola Ichimligi Uzbekistan Ltd.” kompaniyasini “Anadolu Group” xoldingi tarkibiga kiruvchi “Coca-Cola İçecek”ga 2021-yilda sotilishi keltirildi. “Coca-Cola Ichimligi Uzbekistan Ltd.” kompaniyasi sotilgandan soʻng, unda zamonaviy korporativ va moliyaviy boshqaruvi tizimlari joriy etildi, kompaniyaning ishlab chiqarish quvvatlari va operatsion samaradorligi karrasiga oshdi. Shuningdek, joriy yilning may oyida Samarqand shahrida yangi va zamonaviy toʻrtinchi zavod ishga tushirildi. Qolaversa, 2025-yilda Namangandagi mavjud zavod oʻrniga yangi zamonaviy infratuzilmaga va texnologiyalarga ega boʻlgan zavod boshqa joyda yangidan qurib ishga tushirilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, Turkiya davlati bilan hamkorlik yoʻnalishlari tobora kengayib borayotganligi, xususan, joriy yilning 23–28-sentabr kunlari Turkiya Madaniyat va turizm vazirligi taklifiga binoan, Anqara shahriga yana bir Oʻzbekiston delegatsiyasining tashrifi amalga oshirilganligi eslatib oʻtildi. Tashrifdan maqsad, Turkiya Respublikasida turizmni rivojlanishi tarixi, soha boʻyicha qonun hujjatlari, transport va logistika hamda turizm markazlarini tashkil etilishida Master rejalarni ishlab chiqilishi, turizm obyektlariga yer ajratish va yakuniy bosqichda xususiylashtirish yuzasidan tajriba almashish ekanligi taʼkidlandi.

Suhbatdan soʻng, tomonlar ikki tomonlama hamkorlikni samarali davom ettirish uchun Anglashuv memorandumini imzoladilar. Mazkur memorandum manfaatli hamkorlik loyihalarini yoʻlga qoʻyishga, jumladan Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar doirasida Turkiyaning davlat ishtirokidagi korxonalarni boshqarish sohasida ilgʻor tajribasini joriy qilishga, xususiylashtirish jarayonlarida ishtirok etayotgan salohiyatli turk investorlari sonini yanada oshirishga hamda ushbu sohalarni raqamlashtirishda oʻzaro tajriba almashishga xizmat qiladi.

Shu bilan birga, tashrif davomida delegatsiya vakillariga Davaktiv agentligi faoliyati boʻyicha taqdimot oʻtkazildi. Xususan, Oʻzbekistonda xususiylashtirish sohasida amalga oshirilgan islohotlar, erishilgan natijalar va kelgusidagi istiqbolli rejalar borasida maʼlumot berib oʻtildi. 

Bundan tashqari, “E-auksion” elektron savdo platformasi faoliyati va imkoniyatlari toʻgʻrisida hamda yer uchastkalarini realizatsiya qilish yuzasidan joriy etilgan tizim va uni amaliyotda ishlash tartibi haqida ham taqdimot qilindi. Oʻz oʻrnida, Turkiya Xususiylashtirish administratsiyasi rahbari tomonidan Davaktiv agentligida joriy etilgan “E-auksion” elektron onlayn savdo tizimiga katta qiziqish bildirildi hamda bu tizimni oʼrganib Turkiyada ham tatbiq qilish masalasida hamkorlik soʼraldi.

Tadbir yakunida tomonlar Anglashuv memorandumi doirasida hamkorlikda olib boriladigan loyihalarning amalga oshirish mexanizmlari va qoʻshma harakatlarini muhokama qilib oldilar.

6364 Chop etish