Ру Ўз O'z En

Yangiliklar

13 Noyabr 2024

“Oʻztemiryoʻlkonteyner” AJ ustav kapitalidagi 35,0 foiz davlat aksiyalar paketi xususiylashtirish boʻyicha kelishuvga erishildi

Avval maʼlum qilinganidek, tyegishli xususiylashtirish dasturlariga muvofiq, Davaktiv agentligi tomonidan “Alkes Research” konsalting kompaniyasini xususiylashtirish boʻyicha konsultant sifatida jalb qilgan holda “Oʻztemiryoʻlkonteyner” AJ (keyingi oʻrinlarda - Korxona) ustav kapitalidagi 35,0 foiz davlat aksiyalar paketini sotish boʻyicha ochiq savdo  jarayonlari boshlangan.

Xususiylashtirish jarayoni doirasida, Konsultant tomonidan keng qamrovli marketing ishlari amalga oshirildi, jumladan, investitsiya tizerlari salohiyatli investorlarga yuborildi. Natijada, MDH, Arab, Janubi-Sharqiy Osiyo va Yevropa davlatlaridagi 6 nafar xalqaro va mahalliy investorlar tomonidan sotib olish boʻyicha qiziqish bildirish toʻgʻrisidagi arizalar (Expression of Interest) Konsultantga kelib tushdi.

Shu oʻrinda, Konsultant tomonidan mazkur bosqichda avvaldan belgilangan mezonlarga muvofiq boʻlgan 5 nafar talabgor xususiylashtirish jarayonining keyingi – Majburiyatga ega boʻlgan takliflar (BO)ni taqdim etish bosqichida ishtirok etish uchun taklif qilindi.

Ushbu bosqichda, talabgorlar bilan Axborotni oshkor etmaslik toʻgʻrisidagi bitim (NDA) imzolanib, Konsultant tomonidan tayyorlangan Korxonaning moliyaviy, soliq, huquqiy va ekologik faoliyati yuzasidan kompleks tahlil (due diligence) hisobotlari joylashtirilgan virtual maʼlumotlar xonasi (VDR)ga kirish va Korxonaning boshqaruv organi bilan uchrashish imkoniyati yaratildi.

Belgilangan muddatlarda 3 nafar talabgor tomonidan Majburiyatga ega boʻlgan takliflar (BO) taqdim qilingan.

Natijada, Korxonani sotib olish uchun eng yuqori narx taklifini bildirgan “COTTON LOGISTICS” MChJ 200 mlrd.soʻm miqdorida sotib olish toʻlovini toʻlash sharti bilan savdo gʻolibi deb topildi.

Xaridor tomonidan kelajakda Korxonaning biznes jarayonlarini raqamlashtirish va respublikaning tranzit salohiyatidan samarali foydalanish, yuk tashishda tannarx va xarajatlarni kamaytirish, shuningdek, korxona faoliyatiga zamonaviy korporativ boshqaruv tizimlarini joriy etish va barqaror rivojlantirishni taʼminlash rejalashtirilgan.

Shuningdek, Xaridorning taklifi Konsultant tomonidan hisoblangan Korxonaning indikativ narxlar oraligʻining yuqori qismida joylashgan hamda Korxonaning baholangan qiymatidan yuqori.

Korxonani xususiylashtirish natijalari Davlat aktivlarini xususiylashtirish va xususiylashtirish jarayonlarini muvofiqlashtirish davlat komissiyasining tegishli qarori bilan maʼqullangan.

Taʼkidlash joizki, tegishli xususiylashtirish dasturlariga muvofiq "Xalqchil IPO" dasturi doirasida “Oʻztemiryoʻlkonteyner” AJning 4 foiz aksiyalarini mahalliy fond bozorida ommaviy taklifi oʻtkazilishi belgilangan.

Maʼlumot uchun: “COTTON LOGISTICS” MChJ – Oʻzbekistonning eng yirik transport-logistika kompaniyalaridan biri boʻlib, yuk aylanmasi 1 million tonnani tashkil etadi. Kompaniya oʻzining 480 ta vagondan iborat shaxsiy harakat tarkibi parkiga ega. Shuningdek, kompaniya boshqaruvida 1000 dan ortiq harakat tarkibi mavjud.

3735 Chop etish