I. Davaktiv agentligining joriy yil 7-avgustdagi “Avtokomponent” MCHJ va “Avto Climate Control” MCHJ ustav kapitallaridagi 100% davlat ulushini sotish jarayoni boshlanganligi hamda 20-sentabrdagi arizalarni qabul qilish muddatini uzaytirilganligi toʻgʻrisidagi eʼlonlariga muvofiq, quyidagilar maʼlum qilinadi.
Davaktiv agentligi ushbu jamiyatlarni xususiylashtirish boʻyicha konsultant “Portfolio Investments” kompaniyasiga bir qator xorijiy va mahalliy investorlardan kelib tushgan soʻrovlardan kelib chiqib, bergan tavsiyasiga asosan, sotish jarayonlarini raqobat muhitida oʻtkazish maqsadida, barcha manfaatdor tomonlarga “Avtokomponent” MCHJ va “Avto Climate Control” MCHJdagi davlat ulushini xususiylashtirish yuzasidan qiziqish bildirish (Express of Interest) boʻyicha arizalarni qabul qilish muddatini 2024-yil 30-oktabr kuni soat 18:00ga (Toshkent vaqti bilan) qadar uzaytirilganligini maʼlum qiladi.
Qiziqish bildirilgan taqdirda, arizalarni quyidagi elektron pochta manziliga yuborish lozim: munir.yakubov@piamg.uz
Avvalgi chop etilgan Aktivni sotib olish boʻyicha qiziqish bildirish bosqichi boshlanganligi toʻgʻrisidagi eʼlonlarning qolgan barcha bandlari oʻzgarishsiz qolmoqda.
Davaktiv agentligi xususiylashtirish jarayonlarining har bir bosqichi toʻgʻrisida jamoatchilikni qoʻshimcha tarzda xabardor qilib borilishini taʼminlaydi.
II. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan joriy yil 22-iyul hamda 20-sentyabr kunidagi chop etilgan eʼlonlarga muvofiq, “Uzinjiniring” respublika loyiha instituti” MCHJ ustav kapitalidagi davlat ulushini (keyingi oʻrinlarda – "Aktiv") xususiylashtirish jarayonining Aktivni sotib olish boʻyicha qiziqish bildirish (Express of interest) bosqichi tashkil etilgan.
Oʻz navbatida, ushbu Aktivni xususiylashtirish jarayonini ilgʻor xalqaro tajriba asosida amalga oshirish uchun “Abrau Capital” (keyingi oʻrinlarda – "Konsultant") kompaniyasi xususiylashtirish boʻyicha Konsultant sifatida jalb etilgan.
Arizalarni qabul qilish jarayoni doirasida, Konsultant tomonidan keng qamrovli marketing ishlari amalga oshirildi, jumladan, investitsiya tizerlari salohiyatli investorlarga yuborildi. Natijada, 3 nafar xalqaro va mahalliy investorlar tomonidan sotib olish boʻyicha qiziqish bildirish toʻgʻrisidagi arizalar Konsultantga kelib tushgan.
Konsultant tomonidan kelib tushgan barcha arizalar avval maʼlum qilingan quyidagi mezonlar asosida oʻrganib chiqilgan:
- Aktivni sotib olish uchun moliyaviy resurslarining yetarliligi;
- xususiylashtirish jarayonida ishtirok etilishini taqiqlashi mumkin boʻlgan maʼmuriy, hakamlik yoki boshqa sud jarayonlarining yoʻqligi;
- Oʻzbekiston Respublikasining 660-II-sonli “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Qonuniga rioya etilishi;
- Talabgor (konsorsium holatida, konsorsium aʼzolaridan hech biri) va uning aksiyadorlari/ishtirokchilarining hech biri davlat kompaniyasi yoki ustav kapitalida davlat ulushi boʻlgan kompaniya emasligi;
- Talabgor (konsorsium holatida, konsorsium aʼzolaridan hech biri) va uning tegishli shaxslaridan hech biri Yevropa Ittifoqi va AQSHning, shuningdek yirik xalqaro moliya institutlarining (Jahon banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot banki) sanksiyalari roʻyxatiga kiritilmagan boʻlishi lozim. Shu bilan birga, ariza topshirilgan sanada talabgorlar sanksiyalangan shaxs/(lar) yoki yuqorida aytib oʻtilgan sanksiya organlari tomonidan har qanday ish yoki tergov obyekti/(lar) boʻlmasligi kerak. Shuningdek, talabgorlar (konsorsium holatida, konsorsium aʼzolaridan hech biri) va uning tegishli shaxslaridan hech biri yuqorida aytib oʻtilgan muassasalar va davlatlarning sanksiyalar rejimiga zid boʻlgan har qanday faoliyatga (toʻgʻridan-toʻgʻri yoki biron bir shoʻba korxonasi orqali) jalb etilmagan boʻlishlari lozim va Talabgor (konsorsium holatida, konsorsium aʼzolaridan hech biri), shuningdek uning tegishli shaxslaridan birortasining asosiy moliyalashtiruvchi tomonlari yoki kreditorlari sanksiyadagi shaxslar yoki sanksiyadagi shaxslarga tegishli boʻlgan yoki ular tomonidan egalik va nazorat qilinadigan banklar yoki moliya institutlari boʻlmasligi lozim.
Konsultant tomonidan kelib tushgan arizalarni oʻrganish natijasida yuqoridagi mezon talablariga barcha talabgorlarning arizalari mos deb topilgan va xususiylashtirish jarayonining navbatdagi bosqichiga oʻtkazish taklif etilgan.
Konsultant tomonidan Aktivni sotib olish boʻyicha qiziqish bildirish (Express of interest) bosqichida ariza bergan barcha talabgorlarga individual ravishda xabarnoma yuborilib navbatdagi bosqich toʻgʻrisida batafsil maʼlumot beriladi.
Navbatdagi bosqich toʻgʻrisida maʼlumot:
Talabgorlarga Majburiyatga ega boʻlgan takliflarini (BO) tayyorlash uchun Aktiv toʻgʻrisidagi Axborotlarni oshkor etmaslik toʻgʻrisidagi bitim (NDA)ni imzolagan holda Konsultant tomonidan tayyorlangan Aktivning moliyaviy, yuridik va operatsion faoliyati toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, shuningdek, analitik hisobotlar joylangan virtual maʼlumotlar xonasi (VDR)ga kirish imkoniyati beriladi.
Konsultant tomonidan Aktivni sotib olish narxi boʻyicha Majburiyatga ega boʻlgan takliflar (BO) 2024-yil 30-oktabr soat 18:00 (Toshkent vaqti bilan)ga qadar qabul qilinadi.
Shu bilan birga, mazkur muddatga qadar talabgorlar tomonidan “E-auksion” elektron savdo platformasida ochiladigan shaxsiy kabinetlari orqali Majburiyatga ega boʻlgan takliflarining kamida 1 foizini kafolatli toʻlov (zakalat) sifatida oʻtkazish talab etiladi. Bunda, mazkur kafolat toʻlovi (zakalat) jarayon yakunida ishtirokchilarga qaytariladi, xususiylashtirish jarayoni gʻolibi boʻlgan talabgorning kafolat toʻlovi (zakalat) – sotib olish toʻlovining bir qismi sifatida Xususiylashtirish jamgʻarmasiga oʻtkaziladi.
“E-auksion” elektron savdo platformasida ochiladigan shaxsiy kabinet va hisob-raqam koʻrsatkichlari Konsultant tomonidan ishtirokchilarga yuboriladigan jarayon toʻgʻrisidagi individual xat (process letter) orqali yetkaziladi.
Davaktiv agentligi xususiylashtirish jarayoniga qiziqish bildirgan va arizalar topshirgan barcha ishtirokchilarga minnatdorchilik bildiradi hamda Aktivni sotib olish boʻyicha qiziqish bildirish bosqichidan muvaffaqiyatli oʻtgan talabgorlar bilan jarayonning navbatdagi bosqichida konstruktiv hamkorlikka ishonch bildiradi.
Davaktiv agentligi xususiylashtirish jarayonlarining har bir bosqichi toʻgʻrisida jamoatchilikni qoʻshimcha tarzda xabardor qilib borilishini taʼminlaydi.