Ру Ўз O'z En

Yangiliklar

23 Oktyabr 2024

Davlat mulkini boshqarish tartibi takomillashtirilmoqda

Joriy yil 22-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “Davlat mulkini boshqarish sohasi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ–980-son Qonun imzolandi.

Qonun bilan 1 ta kodeks va 10 qonunlarga bir qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi:

  • “Garov to‘g‘risida”gi Qonunda xususiylashtirilmaydigan davlat mulkini, shuningdek, davlat tashkilotini xo‘jalik jamiyati etib o‘zgartirilayotgan davrida mazkur davlat tashkilotiga biriktirilgan davlat mulkini garovga berish mumkin emasligi belgilandi;
  • Jinoyat kodeksining sakkizinchi bo‘limida davlat ishtirokidagi tashkilotning atamasi yangi tahrirda berildi;
  • “Baholash faoliyati to‘g‘risida”gi Qonunda davlat tashkiloti xo‘jalik jamiyati etib o‘zgartirilayotganda baholash talab etilmasligi belgilandi;
  • mas'uliyati cheklangan jamiyatlardagi davlat ulushlarini xususiylashtirishda raqobatga asoslangan ommaviy savdolar orqali amalga oshirish tizimi joriy etilmoqda;
  • “Homiylik to‘g‘risida”gi Qonunga o‘zgartirishlar kiritilib, ustav fondidagi (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlarining homiylikka sarflanadigan har yilgi xarajatlari o‘tgan yilda olingan sof foydaning 3 foizidan oshmasligi kerakligi qayd etildi;
  • “Qimmatli qog‘ozlar bozori to‘g‘risida”gi Qonunda “Qimmatli qog‘ozlarning markaziy depozitariysi” davlat unitar korxonasi aksiyadorlik jamiyati sifatida qayta tashkil etilganligi sababli “davlat depozitariysi” so‘zlari “tashkilot” so‘zlariga o‘zgartirildi. Shuningdek depozitariy xizmatlari uchun tariflarning miqdorlari jamiyat boshqaruv organlari tomonidan vakolatli organ bilan kelishilgan holda tasdiqlanishi belgilandi;
  • “Davlat boji to‘g‘risida”gi va “Davlat mulkini boshqarish to‘g‘risida”gi qonunlarda “Bo‘sh turgan obyektlardan samarali foydalanishni tashkil etish markazi” so‘zlari “Davlat mulki obyektlaridan samarali foydalanish markazi” so‘zlariga o‘zgartirildi;
  • “Davlat mulkini boshqarish to‘g‘risida”gi Qonunda davlat ishtirokidagi korxonalarda samarali dividend siyosati yuritilishini muvofiqlashtirish Davaktiv agentligi tomonidan amalga oshirilishi belgilandi.

Ushbu Qonun davlat mulkini boshqarish sohasi takomillashtirilishiga, maxsus vakolatli organning vakolatlari va ustuvor yo‘nalishlarini belgilash orqali xususiy mulkchilikni kengaytirishga, xususiylashtirish jarayonlari ochiq va oshkora bo‘lishiga xizmat qiladi.

Ma'lumot uchun, mazkur Qonun Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan 2024-yil 16-iyulda qabul qilingan, Senat tomonidan 2024-yil 21-sentyabrda ma'qullangan hamda rasmiy e'lon qilingan kundan e'tiboran kuchga kiradi.

5000 Chop etish