Joriy yil 2-oktabr kuni Davaktiv agentligida Jahon bankining Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy direktori Tatyana Proskuryakova boshchiligidagi delegatsiya vakillari bilan uchrashuv oʻtkazildi.
Uchrashuv boshida Davaktiv agentligi direktori A.Ortikov joriy yilning iyul oyidan Toshkent shahrida Jahon bankining mintaqaviy vakolatxonasi faoliyatini boshlaganligi, shuningdek, Tatyana Proskuryakova Jahon bankining Oʻzbekistondagi vakolatxonasining yangi rahbari lavozimida ish boshlaganligi munosabati bilan, uning kelgusi faoliyatiga muvaffaqiyatlar, yuksak marralar va natijalarga erishish yuzasidan tilaklar bildirdi.
Shu bilan birga, ikki tomonlama hamkorlik samarali tus olib, islohotlar kesimida oʻzining muhim natijalarini koʻrsatishga ulgurgani, xususan, Jahon banki bilan yaqin hamkorlikda “Davlat mulkini boshqarish toʻgʻrisida”gi va “Davlat mulkini xususiylashtirish toʻgʻrisida”gi Qonunlari ishlab chiqilib, qabul qilinganligiga alohida eʼtibor qaratib oʻtildi.
Shuningdek, ishlab chiqilgan fundamental hujjatlarning qabul qilinishi Oʻzbekistonda xususiylashtirish jarayonlarining samaradorligini sezilarli darajada oshirish imkonini berganligi eʼtirof etildi.
Joriy yil boshida Prezident qarori bilan 2024-yilga moʻljallangan yangi xususiylashtirish dasturi tasdiqlanganligi, unga koʻra 247 ta davlat korxonalari aksiyalari va 1000 dan ortiq koʻchmas mulk obyektlarini xususiylashtirish, shuningdek, yirik davlat kompaniyalari aksiyalarini mahalliy va xalqaro bozorlarda IPO va SPO shaklida ommaviy joylashtirish koʻzda tutilganligi ham eslatib oʻtildi.
Oʻz navbatida, uchrashuv davomida tomonlar joriy loyihalarga ham toʻxtalib, “Jahon bankining Oʻzbekistonda institutsional salohiyatni oshirish” (IBL) loyihasi doirasida Davlat korxonalari faoliyatini monitoring qilish tizimini avtomatlashtirish dasturini ishlab chiqish (BI-sistema) hamda Davlat korxonalarini korporativ boshqaruv tizimlari va yagona siyosatini takomillashtirish boʻyicha xalqaro maslahatchini jalb qilish kabi loyihalarni amalga oshirishning dolzarbligi va uni jadallashtirish zarurligini muhokama qildilar.
Bundan tashqari, Davaktiv agentligi tomonidan 2025-2030-yillarga moʻljallangan davlat korxonalarini isloh qilish va xususiylashtirish strategiyasini ishlab chiqish rejalashtirilganligi maʼlum qilindi. Shu munosabat bilan Jahon banki ushbu muhim hujjatni ishlab chiqishda texnik yordam koʻrsatishga tayyor ekanligini maʼlum qildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikda amalga oshirilayotgan joriy loyihalarni jadallashtirish mexanizmlari va qoʻshma harakatlarini atroflicha muhokama qilib, yangi istiqbolli tashabbuslarini birgalikda ishlab chiqish maqsadida faol hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar.