Davaktiv agentligi tomonidan joriy yil 4-noyabr kuni chop etilgan eʼlonga muvofiq, "Oʻzagrosanoatloyiha” MChJ ustav kapitalidagi 94,9 foiz davlat ulushini (keyingi oʻrinlarda – "Aktiv") xususiylashtirish jarayonining Aktivni sotib olish boʻyicha qiziqish bildirish (Express of interest) bosqichi boshlangan.
Oʻz navbatida, ushbu Aktivni xususiylashtirish jarayonini ilgʻor xalqaro tajriba asosida amalga oshirish uchun “Abrau Capital” (keyingi oʻrinlarda – "Konsultant") kompaniyasi xususiylashtirish boʻyicha Konsultant sifatida jalb etilgan.
Arizalarni qabul qilish jarayoni doirasida, Konsultant tomonidan keng qamrovli marketing ishlari amalga oshirildi, jumladan, investitsiya tizerlari salohiyatli investorlarga yuborildi. Natijada, 3 nafar mahalliy investorlar tomonidan sotib olish boʻyicha qiziqish bildirish toʻgʻrisidagi arizalar Konsultantga kelib tushgan.
Konsultant tomonidan kelib tushgan barcha arizalar avval maʼlum qilingan quyidagi mezonlar asosida oʻrganib chiqilgan:
- Aktivni sotib olish uchun moliyaviy resurslarining yetarliligi;
- xususiylashtirish jarayonida ishtirok etilishini taqiqlashi mumkin boʻlgan maʼmuriy, hakamlik yoki boshqa sud jarayonlarining yoʻqligi;
- Oʻzbekiston Respublikasining 660-II-sonli “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Qonuniga rioya etilishi;
- Talabgor (konsorsium holatida, konsorsium aʼzolaridan hech biri) va uning aksiyadorlari/ishtirokchilarining hech biri davlat kompaniyasi yoki ustav kapitalida davlat ulushi boʻlgan kompaniya emasligi;
- Talabgor (konsorsium holatida, konsorsium aʼzolaridan hech biri) va uning tegishli shaxslaridan hech biri Yevropa Ittifoqi va AQSHning, shuningdek yirik xalqaro moliya institutlarining (Jahon banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot banki) sanksiyalari roʻyxatiga kiritilmagan boʻlishi lozim. Shu bilan birga, ariza topshirilgan sanada talabgorlar sanksiyalangan shaxs/(lar) yoki yuqorida aytib oʻtilgan sanksiya organlari tomonidan har qanday ish yoki tergov obyekti/(lar) boʻlmasligi kerak. Shuningdek, talabgorlar (konsorsium holatida, konsorsium aʼzolaridan hech biri) va uning tegishli shaxslaridan hech biri yuqorida aytib oʻtilgan muassasalar va davlatlarning sanksiyalar rejimiga zid boʻlgan har qanday faoliyatga (toʻgʻridan-toʻgʻri yoki biron bir shoʻba korxonasi orqali) jalb etilmagan boʻlishlari lozim va Talabgor (konsorsium holatida, konsorsium aʼzolaridan hech biri), shuningdek uning tegishli shaxslaridan birortasining asosiy moliyalashtiruvchi tomonlari yoki kreditorlari sanksiyadagi shaxslar yoki sanksiyadagi shaxslarga tegishli boʻlgan yoki ular tomonidan egalik va nazorat qilinadigan banklar yoki moliya institutlari boʻlmasligi lozim.
Konsultant tomonidan kelib tushgan arizalarni oʻrganish natijasida, barcha talabgorlar yuqoridagi mezon talablariga toʻliq mos deb topilgan.
Shuningdek, Konsultant tomonidan barcha talabgorlarga jarayon xati “Process letter” orqali navbatdagi bosqich toʻgʻrisida batafsil maʼlumot beriladi.
Navbatdagi bosqich toʻgʻrisida maʼlumot:
Talabgorlarga Majburiyatga ega boʻlgan takliflarini (BO) tayyorlash uchun Aktiv toʻgʻrisidagi Axborotlarni oshkor etmaslik toʻgʻrisidagi bitim (NDA)ni imzolagan holda Konsultant tomonidan tayyorlangan Aktivning moliyaviy, yuridik va operatsion faoliyati toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, shuningdek, analitik hisobotlar joylangan virtual maʼlumotlar xonasi (VDR)ga kirish imkoniyati beriladi.
Konsultant tomonidan Aktivni sotib olish narxi boʻyicha Majburiyatga ega boʻlgan takliflar (BO) 2024-yil 23-dekabr soat 18:00 (Toshkent vaqti bilan)ga qadar qabul qilinadi.
Shu bilan birga, mazkur muddatga qadar talabgorlar tomonidan “E-auksion” elektron savdo platformasida ochiladigan shaxsiy kabinetlari orqali Majburiyatga ega boʻlgan takliflarining kamida 1 foizini kafolatli toʻlov (zakalat) sifatida oʻtkazish talab etiladi. Bunda, mazkur kafolat toʻlovi (zakalat) jarayon yakunida ishtirokchilarga qaytariladi, xususiylashtirish jarayoni gʻolibi boʻlgan talabgorning kafolat toʻlovi (zakalati) – sotib olish toʻlovining bir qismi sifatida Xususiylashtirish jamgʻarmasiga oʻtkaziladi.
“E-auksion” elektron savdo platformasida ochiladigan shaxsiy kabinet va hisob-raqam koʻrsatkichlari Konsultant tomonidan ishtirokchilarga yuboriladigan jarayon toʻgʻrisidagi individual xat (process letter) orqali yetkaziladi.
Davaktiv agentligi xususiylashtirish jarayoniga qiziqish bildirgan va arizalar topshirgan barcha ishtirokchilarga minnatdorchilik bildiradi hamda Aktivni sotib olish boʻyicha qiziqish bildirish bosqichidan muvaffaqiyatli oʻtgan talabgorlar bilan jarayonning navbatdagi bosqichida konstruktiv hamkorlikka ishonch bildiradi.
Davaktiv agentligi xususiylashtirish jarayonlarining har bir bosqichi toʻgʻrisida jamoatchilikni qoʻshimcha tarzda xabardor qilib borilishini taʼminlaydi.